Andrey Pereplyotkin

Andrey Igoryevich Pereplyotkin ( ukraincha: Андрій Ігорович Перепльоткін; 1984-yil 27-dekabr, Xarkov, Ukraina SSR, SSSR ) - asli ukrainalik boʻlib keyinchalik Latviya fuqaroligini qabul qilgan futbolchi, "Super Nova" klubi (Riga) yarim himoyachisi. U Latviya terma jamoasida oʻynagan.

Klubdagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xarkovning "Metalist" futbol maktabi tarbiyalanuvchisi (birinchi murabbiyi - Rinat Viktorovich Morozov). Keyinchalik u Moskvaning "Fili" jamoasida oʻynay boshlagan, 14 yoshida u Belgiyaning mashhur "Anderlext" jamoasiga yoʻl olgan. 2004-yilda Angliyaning Sautgempton akademiyasida tahsil olgan. Pereplyotkin akademiyaning eng yaxshi futbolchilaridan biri boʻlgan. Biroq jamoa Andrey bilan toʻliq shartnoma imzolay olishmagan, sababi Pereplyotkinning terma jamoalar tarkibida oʻynamaganligi edi. Angliya Premyer-ligasida talabalik vizasi bilan oʻynab boʻlmas edi. Shunday soʻng, u Irlandiyaning "Bohemians" klubida ijara asosida oʻynay boshlagan. 2005-yil yanvar oyida u Latviyaning mashhur "Skonto" klubiga sotilgan. Klubga 2005-yilda Livoniya kubogini yutishda yordam bergan.

2000-yillarning boshida Pereplyotkin "Sautgempton" yoshlar jamoasida oʻynab yurgan vaqtlarda[1] futbolchi bilan Ukraina yoshlar terma jamoasining oʻsha paytdagi murabbiyi Pavel Yakovenko qiziqib qolgan, ammo Andrey hech qachon terma jamoadan chaqiruv olmagan.

2008-yil 1-avgustda futbolchi koʻrikdan oʻtish uchun uchun Derby county F.C jamoasi tarkibiga kelgan. Pereplyotkin klubdagi debyutini 3-avgust kuni Gollandiyaning «Utrext» klubiga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida (2:2) o'tkazgan. 2008-yilning 7-avgustida Derby jamoasi Andreyni serbiyalik hujumchi Aleksandr Prijovich bilan birga bir yillik ijaraga[2] olgan. Ilk rasmiy oʻyinini Pereplyotkin 9-avgust kuni Donkaster Roversga qarshi o'yinda oʻtkazgan. 2009-yil 15-yanvarda kelishuvga ko'ra klub bilan oʻzaro shartnomani bekor qilgan. Keyin yana "Skonto" jamoasiga qaytgan[3]. 2009-yil yanvar oyi oxirida u Serbiyaning mashhur "Partizan" klubi bilan shartnoma imzolagan[4] .

2011-yilda Andrey Pereplyotkin Oʻzbekistonning "Nasaf" klubi bilan shartnoma imzolagan. Joriy mavsumda u Anatoliy Demyanenko boshchiligida 16 uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urgan. U 2012-yilda ham “Nasaf” safida 14ta o‘yinda maydonga tushgan, lekin bu oʻyinlarda atigi 1ta gol urgan.

Keyin u faoliyatini Riganing "Daugava" va Yerevaning "Ararat" klublarida davom ettirgan. 2014-yilning sentyabr oyida Pereplyotkin Kipr ikkinchi divizioni EN klubi bilan bir yillik shartnoma imzolagan[5].

2015-yil bahorida faoliyatini davom ettirish uchun yaxshi variantlar topa olmagan, yarim himoyachi Riganing "Dinamo" lagerida oʻyinlarini davom ettirgan, bu yerda uning yetakchilik fazilatlari darhol namoyon boʻlgan. Pereplyotkin 11 oʻyinda 10 ta gol urib, jamoaning eng yaxshi toʻpurarlaridan biriga aylangan[6].

2016-yil iyulidan 2018-yilgacha u Latviya elit divizioni “Jelgava” klubida o‘ynagan.

Terma jamoadagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Andrey Pereplyotkin uzoq vaqt Latviyada yashaganligi sababli u Latviya fuqaroligini olgan, bu futbolchiga Latviya terma jamoasida oʻynash huquqini bergan. Birinchi marta u Lixtenshteynga qarshi Yevropa chempionati saralash turnirida Latviya terma jamoasiga chaqirilgan[7]. Andrey Latviya terma jamoasidagi debyutini 2007-yilning 28-martida Lixtenshteynga qarshi oʻyinda (1:0) o'tkazgan[8].