Doʻstlik tumani

Doʻstlik tumani
tuman
Tarkibida Jizzax viloyati
Maʼmuriy markazi Doʻstlik (shahar)
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi 84 100
Dinlar tarkibi musulmonlar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Doʻstlik tumani xaritada
40°31′32.5″N 68°1′52.7″E / 40.525694°N 68.031306°E / 40.525694; 68.031306

Doʻstlik tumani — Jizzax viloyatidagi tuman. 1970-yil 16-oktabrda tashkil etilgan. Doʻstlik tumani viloyatning Arnasoy, Mirzachoʻl, Paxtakor, Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 0,45 ming km2. Aholisi 84,1 ming kishi (2022). Doʻstlik tumanida 1 shahar (Doʻstlik) va 12 ta mahalla fuqarolari yigʻini (Chinobod, Alisher Navoiy, Gʻafur Gʻulom, Sanoatchilar, Bogʻzor, Bunyodkor, Manas, Mevazor, Navroʻz, Saritepa, Oltin vodiy, Qahramon) mavjud.[manba kerak] Markazi — Doʻstlik shahri.[1]

Doʻstlik tumani yer yuzasi asosan tekislikdan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning oʻrtacha tempaturasi 40—45°, yanvarniki —2° dan —4° gacha. Vegetatsiya davri 250—260 kun.

Doʻstlik tumanini Janubiy Mirzachoʻl kanalining chap tarmoqlari kesib oʻtgan. Yillik yogʻin miqdori 400-500 millimetr. Havoning namolik darajasi qishda 70-80 foiz, yozda 25 — 30 foiz atrofida boʻladi. Tuprogʻi unumdor boʻz tuproq. Baʼzi yerlarni shoʻr bosgan. Tuproqning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari koʻrilmoqda. Yovvoyi oʻsimliklardan kovrak, oqkuray, yantoq, tuyaqorin, qamish va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiya boʻri, tulki, ilon, toshbaqa, kaltakesak va hokazo yashaydi.

Aholisi — asosan oʻzbeklar, shuningdek, qirgʻiz, tojik, rus, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 148 kishi. Shaharliklar 28 ming kishi, qishloq aholisi 38,3 ming kishi.

Doʻstlik tumanida asosan paxta, gʻalla, meva-sabzavot, goʻsht, sut yetishtiriladi. Asalarichilik, issiqxona, parrandachlik ham rivojlanmoqda. Sugʻoriladigan yer maydoni 33,4 ming gektar, shundan 17,9 ming ga. yerga paxta, 13.7 ming ga. yerga gʻalla, 1.8 gektar yer maydoniga bosh turdagi ekinlar etiladi. Tumanda 450 dan ziyod dehqon fermer xoʻjaligi, 135 dan ortiq firma va kichik korxona, 5 qoʻshma korxona, 145 dan ortiq maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi, 254 savdo doʻkoni faoliyat koʻrsatmoqda.

Tumanda Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi, kasb-hunar kolleji, 20 ta maktab, 17 ta maktabgach taʼlim muassasalari mavjud. Tennis korti, sport majmuasi, kutubxona, 150 oʻrinli markaziy kasalxona (tumanlararo jarrohlik markazi faoliyat koʻrsatmoqda), qishloq vrachlik ambulatoriyasi aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Tuman markazida Xotira maydoni barpo etilgan. „Doʻstlik“ temir yoʻl stansiyasi bor. Doʻstlik—Toshkent, Doʻstlik — Samarqand, Doʻstlik—Jizzax, Dustlik — Guliston, Doʻstlik — Arnasoy yoʻnalishlarida avtobus va taksi qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. „Doʻstlik hayoti“ tuman gazetasi 1000 nusxada muntazam chop etiladi.

  1. "Doʻstlik tumani" OʻzME. D-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil