Evolutsion taʼlimot
Evolutsion taʼlimot, evolutsiya nazariyasi — tirik organizmlar evolutsiyasi sabablari, harakatlantiruvchi kuchlari, mexanizmlari va umumiy qonuniyatlari toʻgʻrisidagi fan. Evolutsion taʼlimot biologiyaning nazariy asosi, xususiy biol. fanlaridan olgan natijalarni umumlashtiradi. Evolutsion taʼlimot rivojlanishining mushohidaga asoslangan 1-davri qadimiy dunyo faylasuflari Geraklit, Empedokl, Demokrit, Lukretsiy va boshqalarning ishlari bilan bogʻliq. Ular birinchi boʻlib butun borliqning, jumladan, organizmlarning tarixiy oʻzgarishi toʻgʻrisida fikr bildirishgan. Bunday qarashlar 17— 19-asrlar boshlarida yashagan transformizm tarafdorlari R.Guk, E.Darvin, D.Didro, J.Byuffon, E.Joffrua SentIler, I.V.Gyote va K.F.Rulye ishlarida yanada rivojlantirildi. Transformistlar yagona sistemaga ega boʻlgan taʼlimot yarata olmagan boʻlsalarda, Evolutsion taʼlimot oʻrganadigan asosiy muammolarni koʻrsatib berishdi. Bu muammolar organizmlar tuzilishi va xilma xilligi, turlar oʻrtasidagi oʻxshashlik va tafovutlar, tiriklikning progressiv evolutsiyasi bilan bir qatorda turli tuzilish darajasiga ega boʻlgan organizmlarning yashab kelayotganligi; ayrim turlar va guruhlarning qirilib ketishi sabablarini aniqlashdan iborat. Bu muammolarning tushunib olinishi va ilm-fanning rivojlanishi Evolutsion taʼlimotning yangi tarixiy davri — evolutsiyaning dastlabki konsepsiyalari shakllanishiga zamin tayyorladi. Bu konsepsiyaning birinchisini J.ʼ.Lamark yaratdi (1809). Keyinchalik lamarkizm deb atalgan konsepsiyada ham progressiv rivojlanish va moslanuvchanlikka organizmlarning oldindan belgilab berilgan xususiyati sifatida teologik va metafizik nuqtai nazardan qaraladi. Ch.Darvin yaratgan evolutsiya nazariyasi (1859) Evolutsion taʼlimot uchun ilmiy zamin boʻldi. Darvin organizmlar evolutsiyasining harakatlantiruvchi kuchlari — yashash uchun kurash va undan kelib chiqadigan tabiiy tanlanish ekanligini koʻrsatish orqali birinchi boʻlib Evolutsion taʼlimotning asosiy muammolarini ilmiy nuqtai nazardan hal etdi. Darvinizmning paydo boʻlishi bilan bir vaqtda uning dushmanlari — idealistik va teologik konsepsiyalar tarafdorlari 20-asrning 2-yarmida lamarkizmning ayrim aqidalarini yana qaytadan tiklashdi (qarang Neolamarkizm). Ammo yangi dalillar toʻplanishi tufayli darvinizm tobora keng yoyilib, deyarli barcha ilm ahillari tomonidan tan olindi.
Evolutsion taʼlimotning Ch.Darvindan keyingi rivojlanishi evolutsiya mexanizmlari va qonuniyatlarini taxlil qilishdan iborat boʻldi. Zamonaviy nuqtai nazardan mutatsiya va tabiiy tanlanish evolutsiyaning eng asosiy omili hisoblanadi. Bu omillarning birgaliqsagi taʼsiri evolutsiya jarayoni amalga oshirilishining asosiy sharti hisoblanadi. Tabiiy tanlanish bevosita organizmlar fenotipiga taʼsir etadi; natijada ayrim genlar yoki allellar emas, balki muayyan reaksiya meʼyoriga ega boʻlgan bir butun genotiplar tanlanadi. Evolutsiyaning elementar birligi populyatsiyalar hisoblanadi. Genetik jihatdan evolutsiya populyatsiya genofondining muayyan yoʻnalishda oʻzgarishi (mikroevolutsiya) dan iborat. Tashqi muhit sharoiti oʻzgarishi xususiyatiga qarab populyatsiyaga harakatlantiruvchi, turgʻunlashtiruvchi yoki dizruptiv tanlanish taʼsir koʻrsatishi mumkin. Tanlanish tur individlar ontogenezining (qarang Ontogenez) hamma davrida ham taʼsir etishi mumkin; filogenez ontogenozning genetik qatorlaridan iborat.
Makroevolutsiya — turdan yuqori guruhlar ichida kechadigan mikroevolutsion jarayonlar integratsiyasidan iborat evolutsion jarayon. Makroevolutsiyada filogenezning umumiy qonuniyatlari va yoʻnalishlari namoyon boʻladi. Organizmlar muayyan guruhlari evolutsion oʻzgarishlarining yoʻnalishlari tabiiy tanlanish bilan bir qatorda muayyan turning tuzilishi (genetik sistemasi, ontogenezi va fenotipi) xususiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan evolutsion cheklanish va taqiqlar orqali ham belgilanadi.
20-asrning 30-yillarida shakllangan mikro va makroevolutsiya toʻgʻrisidagi tasavvurlar evolutsiyaning sintetik nazariyasi deyiladi. Zamonaviy Evolutsion taʼlimot fan sifatida evolutsion qarashlarning rivojlanishi, har xil yangi evolutsion farazlar va konsepsiyalar (jumladan, tabiiy tanlanishni evolutsiyaning bosh omili sifatida tan olmaydigan konsepsiyalar)ni oʻz ichiga oladi. Hozirgi Evolutsion taʼlimot oʻz taraqqiyotining yangi davriga qadam qoʻydi. Bu davrning asosiy vazifasi evolutsion jarayonlar mexanizmini ochish orqali organizmlarning evolutsion oʻzgarishini oldindan aytib berish va ana shu asosda evolutsiya jarayonini boshqarishdan iborat.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |