Goʻja

Goʻja — qoʻqonjoʻxori (oq joʻxori) yoki qayroqi bugʻdoydan tayyorlanadigan suyuqtaom. G. tayyorlash uchun avvalo donga ishlov beriladi. Buning uchun oq joʻxori yoki bugʻdoy tozalanib, bir oz namlangach, yogʻoch kelida tuyib, yelpib, kepak va qipikdan tozalanadi. Bu ish 2—3 marta takrorlanadi, soʻng yaxshilab yuviladi. Sutli G., qatiqli G., jazli G., achitma G. kabi turlari bor. Sutli G. — don pishguncha suvda qaynatiladi, ortiqcha suvi toʻkib tashlanib, sut quyiladi, taomga toʻgʻralgan oshqovoqsolish ham mumkin. Tuzi rostlangach, qozonni olovdan olib, bir oz dam yediriladi. Qozon yuzi qaymoq bogʻlaganda kosalarga suzib dasturxonga tortiladi. 100 g donga oʻrtacha 300 g sut, 50 g oshqovoq, taʼbga koʻra tuz solinadi. Qatiqli G. — qozonda yogʻni dogʻlab piyoz qovuriladi va suv quyib qaynatiladi. Soʻngra tayyorlab qoʻyilgan don (oq joʻxori)ni solib, 1 soat davomida mildiratib qaynatib ochiltiriladi. Tayyor taomni olovdan olib, choʻmich bilan shopirib sovitiladi. Qatiq yoki suzmani yaxshilab iylab qoʻshib yuboriladi. Kosalar yuziga kashnich sepilgan holda dasturxonga tortiladi. Achitma G. — qatiqlangan goʻja oshi sovitib, sanochga yoki sopol koʻzaga solinadi. Taom bir necha soatdan soʻng bijgʻiy boshlaydi. Har zamon — har zamonda bir aralashtirib qoʻyiladi. Bu taom jazirama issiq kunlari ishtaha ochuvchi, shuningdek, chanqovbosdi ichimlik sifatida isteʼmol qilinadi. Jazli G. — yogʻni dogʻlab, mayda toʻgʻralgan piyoz qizarguncha qovuriladi, suv quyiladi, tayyorlangan donni solib, 40—45 min. davomida mildiratib qaynatiladi. Doni yarim pishgach, qozonga mayda toʻgʻralgan yoki qiymalangan goʻsht, 1 sm kattalikda toʻrtburchak qilib toʻgʻralgan sabzi va sholgʻom solib yana 20 min. qaynatiladi. Qozonni olovdan olib, dam yediriladi va dasturxonga tortishda yuziga koʻk piyoz, boshqa xil oshkoʻklar sepiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil