Katta Andijon kanali

Katta Andijon kanali, Buzrukxoʻja Usmonxoʻjayev nomidagi Katta Andijon kanali — Fargʻona vodiysida barpo qilingan yirik sugʻorish inshooti. Namangan, Andijon, Fargʻona viloyatlar h

ududidan oʻtadi. Uzunligi 109,1 km. Bosh qismida suv sarfi 300 m³/s (amalda 200 m³/s). Uchqoʻrgʻon sh. yaqinida Norin daryosidan boshlanadi. Markaziy Fargʻona boʻylab Bagʻdod tumani chegarasiga yetib boradi. Shimoliy Bagʻdod kollektoriga tashlama bilan tugaydi. Kanal qurilishida Katta Fargʻona kanalining chap sohil rostlagichi suvolgich bosh inshoot tarzida foydalanilgan. Umumiy sugʻorish mayd. 140,6 ming ga. Kanalning magistral qismida va tarmoklarida 706 har xil inshootlar (koʻprik, dyuker, akveduk, quloqlar va hokazo), kanal Qoradaryoni kesib oʻtish joyida yirik Chinobod dyukeri qurilgan. 2,5 km masofadagi tezoqar qismi oʻzaniga beton toʻshama yotqizilgan. Kanal qurilishi 1966 yilda boshlangan va dastlab Markaziy Fargʻona kanali deb atalgan. 1970 yilda Katta Andijon kanali toʻla ishga tushirilgan. Uning Oxunboboyev (uz. 23 km), Achchiqkoʻl (uz. 22 km), Soʻx (23 km) tarmoklari suvi Markaziy Fargʻonadagi eskidan oʻzlashtirilgan va ilgari Katta Fargʻona kanalidan sugʻorilgan 80 ming ga yerni va yangi oʻzlashtirilgan 61 ming ga yerni suv bilan taʼminlaydi.

Kanal suvidan Namangan viloyatining Uychi, Namangan tumanlari (44,0 ming ga); Andijon viloyatining Baliqchi, Ulugʻnor, Shahrixon, Asaka tumanlari (44,6 ming ga); Fargona viloyatining Oxunboboyev, Uchkoʻprik, Bagʻdod va Rishton tumanlari (52,0 ming ga) ekin maydonlarini sugʻorishda foydalaniladi. Kanalga 1977 yilda Oʻzbekistonda irrigatsiya qurilishining faol namoyandalaridan biri Buzrukxoʻja Usmonxoʻjayev nomi berilgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil