Masʼud Gʻaznaviy

Masʼud Gʻaznaviy (990 - 1041) — Gʻaznaviylar davlati hukmdori (1030 - 41). Maxmud Gʻaznaviyning oʻgʻli. Masʼud Gʻaznaviy davrida mamlakatda poraxoʻrlik, gʻayriqonuniy soliqlar, aholini talash avj olgan. Otasi siyosatini davom ettirgan Masʼud Gʻaznaviy Qoraxoniylar davlati bilan yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini saqlab qolishga uringan. Gʻaznaviylarga nomigagina tobe boʻlgan Xorazm amalda mustaqil edi. Oltingposh vafotidan soʻng Masʼud Xorazmni uning vorislari qoʻlida qoldirgan. Masʼud xorazmshoh unvonini oʻz oʻgʻliga bergan, Oltintoshning oʻgʻli Horunni noib unvoni bilan Xorazm xokimi etib tayinlagan. Birok Horun qoraxoniy Alitegin va saljuqiylar bilan doʻstona munosabatlar oʻrnatib, 1034-yil Xorazmni mustaqil deb eʼlon qilgan va gʻaznaviylar sultoni nomini xutbada zikr etishni taqiqlab qoʻygan. 1035-yil bahorida Horun Xurosonga yurish qilgan. Aliteginning oʻgʻillari (Alitegin 1034-yil vafot etgan edi) Horunga koʻmak boʻlib, gʻaznaviylar hududiga bostirib kirishgan. Lekin yurishning boshidayoq Horun oʻz gʻulomlari tomonidan oʻldirilgach (ular Masʼudga sotilganlar), Alitegin oʻgʻillari Samarqandga qaytishgan. Masʼud qoraxoniylar bilan sulh tuzgan, natijada Xorazm va qoraxoniylar tomonidan boʻladigan xavf-xatar diplomatik yoʻl bilan hal qilingan.

1035-yil Masʼud Xurosonga hujum qilgan saljuqiylarga qarshi chiqqan. U Nishopurdan Nisoga katta qoʻshin joʻnatgan. Oʻzaro sodir boʻlgan jangda dastlabiga gʻaznaviylar gʻalaba qilgan, biroq tunda saljuqiylar ularning qarorgohiga hujum qilib gʻaznaviylarga ogʻir talafot yetkazganlar. Saljuqiylar Xurosonning katta qismi, jumladan, Nishopurni egallashgan. M.F. shundan soʻng ulkan qoʻshin toʻplab, yurishga shaxsan oʻzi boshchilik qilgan. 1038-yil gʻaznaviylar Saraxs yonida saljuqiylarni yengganlar. Hal qiluvchi jang 1040-yil bahorida Dandanakon yaqinida boʻlgan (qarang Dandanakon jangi). Oʻrta Osiyo xalqlari tarixida eng qonli hisoblangan ushbu jangdan soʻng gʻaznaviylarning Xurosondagi hukmronligi barham topgan. Saljuqiylar sardori Toʻgʻrul oʻzini Xuroson hukmdori deb eʼlon qilgan. Masʼud Gʻaznaviy Hindistonga yurish qilib, u yerda kuchli qoʻshin toʻplashga va shu qoʻshin yordamida saljuqiylarga qarshi turishga qaror qilgan. Bayhaqiyning maʼlumotiga koʻra, Masʼud Hindiston safaridan oldin Movarounnah-rdagi qoraxoniylar xoni Arslonxonga xat yozib saljuqiylarga qarshi kurashda yordam soʻragan. Soʻngra u hibsda saqlanayotgan ukasi Muhammadni ozod qilishga farmon bergan, Masʼud Hindiston yurishiga ukasini ham olib ketmoqchi boʻlgan. Muhammad tarafdorlari fitna uyushtirib, Masʼudni qamoqqa olib, Muhammadni sulton deb eʼlon qilishgan. Masʼud bir necha kundan soʻng qatl etilgan.

Masʼud Gʻaznaviy otasi kabi saroyida olimu fuzalolar, shoir va adiblarni toʻplashga intilgan. Saroyda "malik ush-shuaro" ("Shoirlar shohi") Unsuriy boshchiligida shoirlar toʻplangan. Tarixchi Bayhaqiyning "Tarixi Masʼudiy" asari Masʼud Gʻaznaviyning faoliyatini yoritishda qimmatli manba hisoblanadi.[1]

A5u-l Fazl Beyhaqi, Istoriya Masʼuda. 1030—1041, M., 1969; Ocherki po istorii gosudarstvennosti Oʻzbekistana, T., 2001.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil