Muxtor Avezov

Muxtor Avezov
Asl ismi qozoqcha: Мұхтар Омарханұлы Әуезов
Tavalludi
Muxtor Umarxonovich Avezov

1897-yil 28-sentabr
Chingiz Bolis, Semey okrugi, Semey viloyati, Rossiya imperiyasi (hozirgi Abay tumani, Sharqiy Qozogʻiston viloyati, Qozogʻiston)
Vafoti 1961-yil 27-iyun
Moskva, SSSR
Ijod qilgan tillari qozoqcha
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Yoʻnalish sotsialistik realizm
Faoliyat turi yozuvchi, shoir, dramaturg va olim
Janr roman
Mukofotlari Lenin ordeni

Muxtor Umarxonovich Avezov (1897.28.09, Sharqiy Qozogʻiston (sobiq Semipalatinsk) viloyati Abay tumani – 1961.27.06, Moskva) – qozoq yozuvchisi, olim. Qozogʻiston Fanlar Akademiyasida (1946), filologiya fanlari doktori (1952), Qozogʻistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1957). Semipalatinskdagi madrasada hamda oʻsha yerdagi 5 sinfli rus maktabida oʻqigan, soʻng oʻqituvchilar semi-nariyasini tamomlagan (1917). Abay ovulida sahnalashtirilgan (1917) "Yenglik – Kebek" intermediyasi bilan qozoq dramaturgiyasiga asos soldi. Toʻngʻich qozoq teatri (hozirgi Avezov nomida) – Qozogʻiston davlat akademik drama teatri ham 1926-yil 13-yanvarda shu pyessani sahnalashtirib ochilgan. Avezovning dramatik asarlari qozoq dramaturgiyasining rivojlani-shiga katta hissa boʻlib qoʻshildi. Avezov 20-yillarda Toshkentda yashadi va Oʻrta Osiyo davlat universiteti aspiranturasida oʻqidi (1928). Mashhur oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy romanlaridan kuchli ilhomlandi. 1920–30- yillarda Toshkentdagi qozoq nashriyotida adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy "Choʻlpon" jurnali bilan bir necha adabiy toʻplam nashr etilgan. Avezov 1922–23-yillarda Toshkentdalik vaqtida "Kundoshlar" pyessasi, hikoyalari, "Asov tulporlar haqida" (1922), "Qozoq qalamkashlariga ochiq xat" (1922) maqolalari shu jurnalda bosildi. Avezovning "Abay", "Abay yoʻli" epopeyasi qozoq xalqi hayotiga bagʻishlangan boʻlib, u oʻz davrida yuksak bahoga sazovor boʻldi. Asarda qozoq xalqining 19-asrdagi ogʻir, ziddiyatlarga toʻla hayoti badiiy aks ettirilgan. Oʻsha davrdagi qozoq dashtini qamrab olgan nodonlik va johillik toʻsiqlarini yenggan Abayning oʻz xalqi asl farzandi, mutafakkir, insonparvar shoir darajasiga koʻtarila olishi asarda mohirlik bilan tasvirlangan. "Abay yoʻli"ni Zumrad (Orifjonova) 1950–60- yillarda oʻzbek tiliga tarjima qilgan. U boshqa xalqlar tillariga ham tarjima qilindi. Janubiy Qozogʻiston chorvadorlari hayotiga bagʻishlangan "Ravnaq" romani vafotidan soʻng bosilib chiqdi (1962). 20-yillarda qozoq choʻllarida yuz bergan ocharchilik va boshqa dahshatli voqealar aks ettirilgan "Ogʻir sinov" romani ham vafotidan soʻng nashr etildi. Avezov ijodiy, ilmiy ishlar bilan birga, 30 yildan ortiq (1928–61) Olmaota pedagogika instituti, Qozogʻiston va Moskva davlat universitetlarida pedagoglik faoliyatini qoʻshib olib bordi. Avezov umrining koʻp yillarini shoʻro mafkurachilarining ogʻir tazyiqi va ta’qibi ostida oʻtkazishga majbur boʻldi.Yozuvchi turkiy xalqlar adabiyoti tarixini teran tadqiq etuvchi koʻplab maqolalar yaratdi. Uzoq yillar davomida turkiy xalqlar ogʻzaki ijodi namunalarini, xususan xalq dostonlarini keng targʻib qildi. "Er Targʻin", "Alpomish", "Manas" dostonlarini tadqiq etdi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil