Pivo

Pivo eng qadimiy[1][2][3] va eng ommaviy[4] alkogolli ichimlik boʻlib, kraxmalli mahsulotlar — solod, gʻalla, makkajoʻxori, guruch kabilarni achitib tayyorlanadi. Boshqa kam tarqalgan pivo turlari kartoshka (Braziliyada) yoki agava (Meksikada) tayyorlanadi.

Pivo kuchsiz alkogolli, taʼmi taxirroq, koʻpiklanuvchi, xushboʻy, chanqovbosti ichimlik. Oʻrta asrlardayoq Yevropaning qator mamlakatlarida (ayniqsa, Germaniya va Chexoslovakiyada) koʻp tayyorlangan. Keyinchalik sanoat usulida maxsus pivo zavodlarida ishlab chiqarilgan. Pivo 19-asr 2yarmida Rossiya Oʻrta Osiyoni bosib olgandan keyin Oʻzbekistonda ham tarqaldi.

Pivo tayyorlash uchun undirilgan arpadan tayyorlangan suyuklik (solod)ga qulmoq (xmel) va suv qoʻshib spirtli bij-gʻitiladi. Pivoning ayrim navlarini tayyorlashda arpa solodi qisman guruch, makkajoʻxori yoki arpa uni, shuningdek, shakar bilan almashtiriladi.

Solod tayyorlash uchun arpa tozalanadi, namlab undiriladi, ungan arpa maysalari quritiladi. Quritilgan maysalar maydalanib, suv bilan aralashtiriladi. Muayyan haroratda suvli aralashmada fermentatsiya jarayonlarida soloddagi kraxmal shakarga aylanadi, shakarlanish tugagandan keyin aralashma suziladi va tiniq suslo (atala)ga xmel qoʻshib qaynatiladi. Natijada atala tiniqlashadi va xushboʻylikka ega boʻladi. Keyin suslo qulmoqdan tozalanadi va maxsus tindirgichlarda sovitiladi. Suslo maxsus pivo bijgʻitish apparatlarida pivo achitqi (drojji)larining maxsus irqi bilan 5—9° da 7—8 sutka davomida (pivo naviga qarab) bijgʻitilib yetishtiriladi (spirt va karbonat angidrid gazi hosil boʻladi).

Bijgʻigan yoki yosh pivo toʻliq yetilishi uchun maxsus katta sigʻimli idishlarga quyiladi. Idishlarda toʻliq yetilishi va gazdan tozalanish 0—2° da 21—90 kun davom etadi. Pivo tayyorlashning uzluksiz va jadallashtirilgan texnologiyalari ham qoʻllanadi. Yetilgan pivo qayta suziladi va butilkalarga quyiladi.

pivo tarkibida, navlariga qarab, 4—10 % yengil oʻzlashtiriluvchi oziq moddalar, asosan, uglevodlar, kam miqdorda aminokislotalar bor. Pivoda 11—12 % alkogol, 0,3—0,4 % karbonat angidrid gazi, qulmoqning achchiq va oshlovchi moddalari qoldigʻi, organik kislotalar mavjud. 1 l pivoda 400 dan 800 gacha kkal bor. Pivo xom ashyoning miqdori va tarkibiga, bijgʻish davrining davomiyligiga koʻra har xil (och va toʻq) rangli boʻladi, navlarga ajratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi pivo va alkogolsiz ichimliklar sanoati tarmo-gʻida 16 ta yirik korxona (Toshkent, Fargʻona, Qoʻqon, Andijon, Guliston,Samarqand, Namangan, Buxoro va boshqa shaharlarda), shuningdek, matlubot jamiyatlariga qarashli zavodlar va sexlarida pivo ishlab chiqariladi. Oʻzbekistonda „Olmaliq“, „Qibray“ pivolari mashhur.[5]

  1. Richard Rudgley. The Alchemy of Culture: Intoxicants in Society. London: British Museum Press, 1993. ISBN 978-0714117362. 
  2. John P Arnold. Origin and History of Beer and Brewing: From Prehistoric Times to the Beginning of Brewing Science and Technology. Cleveland, Ohio: Reprint Edition by BeerBooks, 2005. ISBN 978-0-9662084-1-2. 
  3. Ben McFarland. World's Best Beers: One Thousand Craft Brews from Cask to Glass. Sterling Publishing Company, Inc., 2009 — 10-bet. ISBN 978-1-4027-6694-7. 
  4. Jahon boʻyicha pivo ishlab chiqarish koʻrsatgichlari
  5. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil