Qizilmiya

Qizilmiya oʻsimligi

Qizilmiyadukkakdoshlarga mansub koʻp yillik ildizpoyali begona oʻt. Poyasi sershox, dagʻal, boʻyi 40-150 sm, tik oʻsadi. Barglari murakkab, toq patsimon, uzunchoq. Gullari binafsha rang, shoda toʻpgulga yigʻilgan. Mevasi choʻzinchoq dukkak. Aprel-iyunda gullab mevalaydi. Urugʻi va vegetativ usulda ildizpoyalaridan koʻpayadi. Ildiz sistemasi kuchli rivojlanadi, 3 m chuqurlikkacha kirib boradi. Ildizpoyalaridan yer usti novdalari hosil boʻladi, urugʻi qattiq qobiqli, 30-35° C haroratda koʻkaradi. Oʻrta Osiyoning hamma rayonlarida, jumladan, Toshkent, Fargʻona, Qashqadaryo viloyatlarida tarqalgan. Hamma chopiqtalab ekinlar, ayniqsa, beda va donli ekinlar orasida uchraydi, sugʻorish kanallari boʻylari, ariq yoqalari, bogʻ va uzumzorlarda oʻsadi. Kurash choralari: yerni haydashda ildiz qoldiqlarini yoʻqotish; nihollari paydo boʻlgach, ekin qator oralariga chuqur ishlov berish; don ekinlariga gerbitsidlar purkash[1].

  1. "Qizilmiya" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil