Kaspiyboʻyi pasttekisligi
Kaspiyboʻyi pasttekisligi— Sharqiy Yevropa pasttekisligining janubi-sharqi (RF) va Gʻarbiy Qozogʻistonda joylashgan. Kaspiy dengizidan shimolida Yalpi Sirt, gʻarbda Volgaboʻyi va Yergeni qirlari, sharqsa Uraloldi va Ustyurt platolari bilan chegaralanadi. Maydoni qariyb 200 ming km². Yassi tekislik, uning janubiy qismi okean sathidan past, shimoliy qismida bal. 159 m gacha. Pasttekislikda ayrim qirlar koʻtarilib turadi. Toʻrtlamchi davrda bir necha marta dengiz bosgan va shimolida gilli, qumokli, janubida qumli yotqiziqlar qoldirgan. Chuqurchalar, qoʻltiqchalar, qum tillari, soyliklar, janubiy da shamol hosil qilgan relyef shakllari, Kaspiy dengizi sohili boʻylab ber doʻnglari uchraydi. Iqlimi quruq, kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi shimolda —14°, sohilda —8°, iyulniki shimolida 22°, sohilda 23°. Yiliga janubi-sharqiga 200—250 mm, shimoli-gʻar-biga 350 mm yogʻin tushadi, potensial bugʻlanish 1000 mm ga yaqin. Tez-tez garmsel esib turadi. Ural, Volga, Terek, Kuma, Katta Uzen, Kichik Uzen, Uil, Sagʻiz daryolari oqadi. Shoʻr koʻllar (Bosqunchoq, Elton va b.) koʻp. Tuprogʻi och qoʻngʻir, shoʻrtob, shoʻrxok tuproq. Shimolida shuvoq-boshoqli oʻsimliklar, janubida shuvoq oʻsadi. Volga-Axtuba qayirida polizchilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik rivojlangan. Neft (Emba neft rayoni), koʻllarda osh tuzi bor. Astraxon qoʻriqxonasi joylashgan. [1]